Yo’q, mumkin emas. Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 3-bandiga muvofiq avval mehnat vazifalarini buzganligi uchun xodim intizomiy yoki moddiy javobgarlikka tortilgan yoxud unga nisbatan mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo’llanilgan kundan e’tiboran bir yil mobaynida xodim tomonidan takroran intizomga xilof nojo’ya harakat sodir qilinishi mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzish hisoblanadi.
Mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzishni belgilashda xodim tomonidan ilgari yo’l qo’yilgan mehnat vazifalarini buzganligi uchun nafaqat intizomiy, balki mehnat to’g’risidagi qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda nazarda tutilgan qo’shimcha ta’sir choralari (mukofot, shaxsiy ustama, 13-ish haqi va boshqalardan mahrum etish), shuningdek xodimning moddiy javobgarlikka tortilishi kelib chiqqanligi inobatga olinishi lozim.
Bundan tashqari, korxonaning ichki mehnat tartib qoidalari yoki xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasida bir marta qo’pol ravishda yoki muntazam ravishda ichki mehnat tartib qoidasini buzish hisoblanadigan xatti-harakatlar yoki harakatsizliklar ro’yxati belgilab qo’yilishi mumkin. Agar xodim tomonidan mazkur qoidalar buzilsa, Mehnat kodeksining 181-moddasiga asosan, ish beruvchi tomonidan xodimga hayfsan yoki jarima qo’llanilishi yoki mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkin.
Shunday qilib, xodim tomonidan ilgari yo’l qo’yilgan mehnat vazifalarini buzish, agarda bunday harakatlar uchun intizomiy, moddiy javobgarlikka tortilmagan yoki qo’shimcha ta’sir choralari qo’llanilmagan bo’lsa yoxud ish beruvchi tomonidan xodimni intizomiy va moddiy javobgarlikka tortishning yoki qo’shimcha ta’sir choralari qo’llashning tartibi va muddatlariga rioya qilinmagan bo’lsa, bular mehnat vazifalarini muntazam ravishda buzishni belgilashda inobatga olinmaydi.
Yuborilmoqda...