“O’zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g’risida”gi Qonunning 5-moddasiga muvofiq, davlat nogironlar turmush faoliyatining cheklanganligini baholash asosida ularning ijtimoiy yordam hamda himoya chora-tadbirlariga bo’lgan ehtiyojlari hisobga olinishi ta’minlanishini, nogironlarni reabilitatsiya qilish va ijtimoiy himoya qilishning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan turlaridagi dasturlar amalga oshirilishini, nogironlarning jamiyat bilan uyg’unlashishi uchun sharoitlar yaratilishini, nogironlarni kamsitishning barcha shakllaridan himoya qilishni ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko’rilishini kafolatlaydi.
Nogironligi bo’lgan shaxs mehnat sharoitlari odatdagicha bo’lgan tashkilotlarda, nogironlar mehnatidan foydalaniladigan ixtisoslashtirilgan korxonalarda, sexlar va uchastkalarda ishlashga, shuningdek qonun bilan taqiqlanmagan yakka tartibdagi mehnat faoliyatini yoki boshqa faoliyatni amalga oshirishga haqlidir. Nogironligi tufayli nogiron bilan mehnat shartnomasi tuzishni yoki ish yuzasidan uni yuqori lavozimga ko’tarishni rad etishga, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, nogironni uning roziligisiz boshqa ishga o’tkazishga yo’l qo’yilmaydi, tibbiy-ijtimoiy ekspertizaning xulosasiga ko’ra nogironning sog’lig’i kasb vazifalarini bajarishga monelik qilgan yoki nogironning yoxud boshqa shaxslarning sog’lig’i va mehnat xavfsizligiga tahdid qilgan hollar bundan mustasno. Nogiron o’z mehnat qobiliyatini tiklaganidan keyin ilgarigi ishiga yoki shunga teng ishga joylashish huquqiga ega (“O’zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to’g’risida”gi Qonunning 24-moddasi).
Mehnat kodeksi 220-moddasining birinchi qismiga asosan, ish beruvchi belgilangan minimal ish joylari hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish tartibida mahalliy mehnat organi tomonidan yo’llangan nogironlarni ishga qabul qilishi shart.
Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 20 avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o’rinlarini band qilib qo’yish tartibi to’g’risidagi nizomga ko’ra, nogiron shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o’rinlarini band qilib qo’yish xodimlarining ro’yxat bo’yicha o’rtacha soni yigirma nafardan ko’pni tashkil etadigan tashkilotlar uchun belgilanadi. Bunda nogironlarni ishga joylashtirish uchun xodimlar sonining kamida 3 foizi miqdorida ish o’rinlarining eng kam soni belgilanadi va band qilib qo’yiladi.
Yuborilmoqda...