Siz, Mehnat kodeksiga ko’ra mehnat sharoiti noqulay ishlarda, shuningdek yer osti ishlarida ayollar mehnatini qo’llanish taqiqlanishiga e’tibor qaratishlaringiz lozim, yer ostidagi ba’zi ishlar (jismoniy bo’lmagan ishlar yoki sanitariya va maishiy xizmat ko’rsatish ishlari) bundan mustasnodir.
Ayollar mehnati to’liq yoki qisman qo’llanilishi ta’qiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo’lgan ishlar ro’yxati Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda Sog’liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan (O’zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2000 yil 5 yanvarda 865-son bilan davlat ro’yxatidan o’tkazilgan).
Mazkur ro’yxat o’zida 44 ta bo’limni qamrab olgan. Birinchi bo’limda, xalq xo’jaligida hamma uchun umumiy bo’lgan kasblar ro’yxati keltirilgan. Qolgan bo’limlar esa sohaviy printsipga asosan joylashtirilgan. Masalan, ro’yxatning 10-bo’limida ayollarning mehnati taqiqlangan qora metalurgiyadagi, 11-bo’limda esa rangli metalurgiyadagi ishlar ro’yxati va sh.k. keltirilgan.
Ro’yxat uchta ustundan iborat jadval ko’rinishida tuzilgan. Birinchi grafada kasblar (mutaxassisliklar)ning kodi, ikkinchi ustunda – kasblarning ro’yxati ko’rsatib o’tilgan. Uchinchi ustunda ushbu kasblar bo’yicha ayollarning mehnati taqiqlangan ish ro’yxati belgilangan. Agar uchinchi ustunda kasblar nomlanishining to’g’risida “kasb bo’yicha barcha ishlar turlari” degan yozuv bo’lsa, bunda ushbu kasb bo’yicha ayollarning mehnatidan foydalanish taqiqlangan hisoblanadi.
Masalan, Ro’yxatning birinchi bo’limiga muvofiq, ayollar mehnatidan yuk tashuvchi, o’t-o’chiruvchi-desantchi sifatida foydalanish mumkin emas. Agar, uchinchi ustunda aniq ish turalari ko’rsatilsa, u holda ayol kishi tegishli kasb bo’yicha ishlashi mumkin, lekin uchinchi ustunda to’g’ridan-to’g’ri ko’rsatilgan ishlarni bajarmasligi lozim. Masalan, ro’yxatning “SHisha va shisha buyumlarini ishlab chiqish” 27-bo’limining ikkinchi ustunida “oyna bo’yovchi” kasbi keltirilgan, ushbu nomlanishning qarshisidagi uchinchi ustunida esa “simobni qo’llash bilan bog’liq ish” ko’rsatilgan. Bunga ko’ra, ayollar ushbu kasb bo’yicha ishlashi mumkin, biroq simobni qo’llash bilan bog’liq ishlar bundan mustasno.
Bundan tashqari, belgilangan normadan ortiq yuklarni ayollar tomonidan ko’tarilishi va tashilishi taqiqlanadi.
Yuborilmoqda...