Qoidalarning 16-bandidaga asosan bolaning tug‘ilishini qayd etish majburiy bo‘lib, bola tug‘ilgan joydagi yoki ota-onasidan birining doimiy yashash joyidagi FHDYo organida amalga oshirilishi lozim. Ota-onaning istagiga ko‘ra FHDYo organi bolaning tug‘ilganligini qayd etishni tantanali vaziyatda o‘tkazishi mumkin.
Qoidalarning 17-bandiga ko‘ra tug‘ilganlik haqidagi ariza bola tug‘ilgan kundan boshlab bir oy muddat mobaynida og‘zaki yoki yozma shaklda berilishi zarur.
Bola tug‘ilganligi to‘g‘risidagi ariza ota-onasi yoki ulardan biri, alohida hollarda esa qarindoshlari, qo‘shnilari yoki ota-onasi yoxud ota-onasidan biri vakolat bergan boshqa shaxslar, shuningdek tibbiyot muassasalarining, ichki ishlar yoki vasiylik va homiylik organlarining mansabdor shaxslari tomonidan berilishi mumkin.
Qoidalarning 20-bandiga asosan, tug‘ilganlikni qayd etish uchun bola tug‘ilganligi to‘g‘risidagi tibbiy ma’lumotnomasi, ota-onalarining pasportlari yoki ularning o‘rnini bosuvchi hujjatlar, nikoh tuzilganligi to‘g‘risidagi gerbli guvohnoma yoki otalikni belgilash haqidagi ariza yoxud nikohda bo‘lmagan onaning arizasi taqdim etiladi.
Tug‘ruqxonalardan tashqari joylarda va tibbiy yordamsiz tug‘ilgan bolaning tug‘ilganligini qayd etish uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida amalga oshiriladi.
Bunday holatlarda bolaning ushbu onadan tug‘ilganligiga guvoh bo‘lganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma tibbiy ma’lumotnoma berish uchun asos hisoblanadi.
Ota-onalardan birining shaxsini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan alohida hollarda FHDYo organi tug‘ilganlikni qayd etishni rad qilishi mumkin emas. Bunda hujjatlari bo‘lmagan ota yoki ona haqida ma’lumotlar nikoh tuzilganligi yoki avvalgi bolalarining tug‘ilganligi haqidagi guvohnomalari asosida ko‘rsatiladi.
Ota-onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bo‘lmaganda bolaning tug‘ilganligini qayd etish tibbiyot muassasasining yoki vasiylik va homiylik organining yozma murojaatlariga asosan amalga oshiriladi.
Yuborilmoqda...