Poytaxtimizda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) faoliyati va uni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasining mas’ul xodimlari, “UZINFOCOM” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan tasdiqlangan “Obod turmush yili” Davlat dasturi va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni hisobga olgan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, 2013-yilning 1-iyulidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portali bazasida “yagona oyna” rejimida ishga tushirilgan.
Matbuot anjumanida “UZINFOCOM” komputer va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari G‘.Saidaliyev Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali mamlakatimizda “elektron hukumat” tizimini shakllantirish va rivojlantirishning mantiqiy davomi ekanini ta’kidladi. Portalning tashkil etilishi natijasida elektron shaklda ma’lumotlar almashish yo‘lga qo‘yildi, so‘rovlarni rasmiylashtirish jarayoni tezlashdi, tadbirkorlik subyektlari va aholining axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish asosida davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik samaradorligi oshdi.
Ayni paytda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga uch yuzga yaqin davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tuman va shahar hokimliklari ulangan. Ular tomonidan aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga yuzdan ortiq interfaol xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Portalda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor berilayotir. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlariga portal orqali murojaat qilish mumkin. Yetti oy davomida Yagona portal orqali 6 mingdan ziyod murojaat – jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari, taklif va shikoyatlari jo‘natildi.
Bir necha kun muqaddam Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yurtdoshlarimiz o‘z huquq va manfaatlari buzilayotgani va ularni hal etishga yetarlicha e’tibor berilmayotgani to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga bevosita murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi. Ushbu yangi xizmat murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarining asossiz cho‘zilishi, kredit yoki yer uchastkalarini ajratish tartibining buzilishi, korxonalar moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini o‘rinsiz tekshirish va ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar hamda boshqa shu kabi muammolarni hal etishga yordam beradi.
Matbuot anjumanida Yagona portalning 2013-yilning iyul oyida foydalanishga topshirilgan axborot-ma’lumotnoma xizmati faoliyati ham muhokama etildi.
Mutaxassislar istiqboldagi rejalar haqida ham so‘z yuritdi. Masalan, Prezidentimiz Islom Karimovning mamlakatimizni 2013-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisida belgilab bergan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida yaqin vaqtlar ichida Yagona portal orqali litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillarini elektron shaklda taqdim etish, kommunal xizmatlar, shuningdek, soliq solish va bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha interfaol shaklda xizmat ko‘rsatishga o‘tiladi.
Matbuot anjumanida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining joriy holati, uni yanada rivojlantirish va aholi ehtiyojlariga asoslangan holda istiqbolda yangi interfaol davlat xizmatlarini joriy etish masalalari tahlil qilindi. Mutaxassislar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.
35163 marta ko`rilgan
Yuborilmoqda...